Аннотация: В статье на основе анализа стихотворения “Когда во дворе расцвела сирень” Уольта Уитмена рассматривается отношение автора к понятиям смерть и вечность.
Ключевые слова: анализ стихотворения, понятия смерть и вечность.
Filologiya fanlari
УДК 1751
Ibragimova Manzila Baxtiyorovna
o’qituvchi
Buxoro davlat universiteti
Iskandarova Shamsiya Ulug’jon qizi
talaba
Buxoro davlat universiteti
Ибрагимова Манзила Бахтиёровна
преподаватель
Бухарский Государственный университет
Искандарова Шамсия Улугжон кизи
студентка
Бухарский Государственный университет
Ibragimova Manzila Bakhtiyorovna
teacher
Bukhara State University
Iskandarova Shamsiya Ulugjon qizi
student
Bukhara State University
UOLT UITMENNING “HOVLIMDA BINAFSHALAR OCHILGANDA” POEMASIDA O’LIM VA ABADIYAT TALQINI
EXPRESSION OF DEATH AND ETERNITY IN WALT WHITMAN’S POEM “WHEN LILACS LAST IN THE DOORYARD BLOOMED”
ИСТОЛКОВАНИЕ СМЕРТЬ И ВЕЧНОСТЬ В ПОЭМЕ УОЛТА УИТМЕНА “КОГДА ВО ДВОРЕ РАСЦВЕЛА СИРЕНЬ”
Annotatsiya: Mazkur maqolada Uolt Uitmenning “Hovlimda binafshalar ochilganda” poemasida o’lim va abadiyatga oid shoir qarashlari tahlil qilinadi.
Kalit so’zlar: she’riy tahlilar, o’lim va abadiyat talqini.
Аннотация: В статье на основе анализа стихотворения “Когда во дворе расцвела сирень” Уольта Уитмена рассматривается отношение автора к понятиям смерть и вечность.
Ключевые слова: анализ стихотворения, понятия смерть и вечность.
Summary: This article, dedicated to the analyses of the poem “When Lilacs Last in the Dooryard Bloom’d” by Walt Whitman, studies the poet’s attitude to the notions of death and eternity.
Key words: poetry analysis, the notions of death and eternity.
Amerika shoiri Uolt Uitmenning (1819-1892) “Hovlimda binafshalar ochilganda” (“When Lilacs Last in the Dooryard Bloom’d”) poemasi shoirning iqtidorini yaqqol namoyon etuvchi asarlardan biri hisoblanadi [4, c 31]. Bu – marhum Avraam Linkolnning yashagan ibratli, sermazmun hayoti va mudhish o’limini yoritib beruvchi motam she’ri bo’lib, nafaqat Amerika adabiyotidan, balki jahon adabiyoti xazinasidan ham munosib o’rin egallagan.
Poema matnida Linkolnning ismi berilmagan bo’lsa-da, kitobxon Uitmen kim haqida yozayotganini bilada va ko’z o’ngida bu tarixiy voqea namoyon bo’ladi. Shoir poemada Linkolnning ichki dunyosini tasvirlab berishni, bu buyuk shaxsning erishgan yutuqlari tavsifini, uning o’limi sabablarini yozishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ymagan edi. Poemada hatto Xudo va farishtalar haqida eslatmalar ham yo’q, holbuki o’sha davr shoirlari marhumlarga bag’ishlab yozgan she’rlarida, marsiyalarida bu mavzularni chetlab o’ta olmasdilar [3, c 102]. Uitmenning ushbu poemasi turli xil mavzularni yoritadigan o’n olti qismdan iborat. “Hovlimda binafshalar ochilganda” qismlarini olib birlashtirganda go’yoki yaxlit simfoniyaga o’xshaydi. Poemada ifodalangan qarama-qarshiliklar (o’lim va hayot, quvonch va qayg’u, motam va shodiyona) va aynan shu qarama-qarshiliklar kurashi, keyinchalik ularning birlashishi poema g’oyasini oxirigacha anglab yetishga yo’l ochib beradi.
“Hovlimda binafshalar ochilganda” poemasining asosiy timsoli bu – so’nib borayotgan g’amgin, falokat haqida, ya’ni buyuk va sevimli inson o’limi haqida ogohlantirayotgan yulduzdir:
O powerful western fallen star!
O shade of night – O moody, tearful night!
O great star disappear’d – O the black murk that hides the star![1, c 2052].
Yuqoridagilarning misrama-misra tarjimasi:
O, G’arbning so’nggan qudratli yulduzi!
O, tun sharpalari – O, g’amgin, ko’zi yoshli tun!
O, buyuk yulduz g’oyib bo’ldi – O, yulduzni yashirgan qora tutun!
Shoir o’zining va millionlab hamyurtlarining qag’usini izhor qilish uchun lirik g’amgin, ortga qaytarib bo’lmaydigan yo’qotish hissini o’zida mujassamlashtirgan ko’plab tasviriy obrazlar yaratadi. Nochor jon (helpless soul); xalq boshiga tushgan musibatdan “titrayotgan cherkov organlari” (the shuddering organs); bag’ri dili tilka pora bo’lib, “qora tusga kirayotgan yer” (the darkening land); “motamga o’ralgan shaharlar” (cities draped in black); yeru ko’kni larzaga solgan “qonagan tomoqlar qo’shig’i” (song of the bleeding throat); “yomg’ir tomchilaridek motam ko’z yoshlari” (mournful tears like raindrops) obrazlari shular jumlasidandir [1, c 2052-2058].
Uitmen poemada shimoliy amerikaliklar lageriga bosh bo’lgan va ularni g’alabaga olib kelgan suyukli Prezident bilan bir qatorda uning safdoshlarini muhabbat va iztirob bilan yodga oladi, ularning g’alaba kunigacha kela olmay halok bo’lganliklaridan afsuslanadi. “Men barcha qabrlar ustiga gullar va yashil yaproqlar qo’yaman…”, - deydi shoir [3, c 110].
Ushbu she’rni o’qir ekanmiz, Uitmenni har bir notani tanlayotgan va ustalik bilan chalayotgan bastakorga o’xshatamiz, u har bir so’zni, iborani nota terayotgan musiqachidek tanlab, o’z o’rniga qo’yishni mohirona uddalagan. Kuyning yakunida go’yo butun yer yuzi, osmonu falak, ummon osti aza tutgandek tuyuladi. Biroq poemada nafaqat motam, balki hayot, keljakka umid uyg’otuvchi yorqin bo’yoqlar ham tasvirlangan. Ushbu she’r faqat o’lim haqidagi fikrni ilgari surmaydi, bu gal ham shoir o’zining hayot to’g’risidagi qarashlariga sodiq qolgan tarzda, hayot davomiyligini, insoniyatga bo’lgan cheksiz muhabbatini namoyon qiladi. Yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar she’r oxirida yechimini topadi.
Uitmen o’z she’rida odamlarning kelajakka duch kelishi mumkin bo’lgan to’siqlarni mardlarcha yengib o’tishga undab, hatto o’limni ham qayg’uli fojea sifatida emas, balki tabiat qonunlaridan eng buyugi, qochib qutulib bo’lmas muqarrar hodisa sifatida talqin etadi. Ha, odamlar o’ladilar, lekin insonlar nasli abadiy yashaydi. Poemadagi binafsha shuning uchun ham yupatuvchi yolg’onday yoki baxtli yakunday emas, balki ulkan haqiqatning asl mohiyati, murakkab yaxlitlikning asosiy qismiday barq uradi go’yo. O’limning ibtidoning, qochib bo’lmas qismi deya ta’kidlayotgan shoir uning ustidan g’alabani nishonlaydi.
Binafsha obrazi – bu qayta va yana qayta tug’ilayotgan, hech qachon yo’qolmaydigan abadiy go’zallik timsolidir. Hayotning afzalligini shoir poemada aniq timsollar orqali ham ifodalaganligini ko’rishimiz mumkin:
Lo, the most excellent sun so calm and haughty,
The violet and purple morn with just – felt breezes,
The coming eve, the welcome night and the stars,
Over my cities shining all, enveloping man and land [1, c 2055].
Misrama- misra tarjima:
Ey, eng a’lo quyosh, shunchalar bosiq va mag’rur,
Binafsharang tongning ohorli nafasi,
Kirib kelayotgan shom, marhabo tun va yulduzlar,
Shahrim uzra barchangiz chaqnab, qamrayapsiz inson va zaminni.
Uitmen tabiatga va insoniyatga atalgan madhiyani o’limga qarshi qo’yadi. Hatto Linkoln ko’milgan maqbarani u g’am va qayg’uni anglatuvchi ranglar bilan bezashni emas, aksincha, “fermalar rasmlari” (pictures of farms) bilan, “endi nish urayotgan maysalar” (the fresh herbage) bilan, “oqib kelayotgan daryolar mavji” (flowing glaze of rivers) bilan bezashni afzal ko’radi [2, c 231]. U mehnat buyukligi, shahar go’zalligi, zamonaviy insonning hayot tarzi oldida bosh egadi. Shoir bu maqbarada korxonalar (workshops), binolari yaqin joylashgan shaharlar (cities with dwellings so dense), hayot lavhalari (the scenes of life) ifodalanishning tarafdori edi [1, c 2054-2055].
O’lim va abadiyatga munosabat shoirning boshqa she’rlarida ham o’z ifodasini topgan. Jumladan, U.Uitmenning harbiy xizmati yillarida yozgan she’rlaridan biri “Tundagi g’aroyi qo’riqchiligim” (“Vigil Strange I Kept on the Field One Night”) nomli she’rida urush qurbonlari, jang maydonida shahid bo’lgan o’smirlarga nisbatan achinish hissi, azobli iztiroblari o’ta bosiqlik bilan o’z ifodasini topgan, qo’riqchi askar obrazi mazkur she’r markazidan o’rin olgan bo’lib, yigit tunni jangda halok bo’lgan do’sti jasadi ustida tongga qadar ko’z yosh to’kib o’tkazadi va sahar chog’ida oxirgi manzilga kuzatadi. Mazkur she’r ham o’z do’stidan ayrilgan askar yigitning motam qo’shig’i, yig’i yo’qlovidir.
Xulosa qilib aytganda, hayot uchun o’limni rad etish, o’limdan keyin ham hayotning boshqa shakllarda davom etishini ifoda etish – bu Uitmenning barcha she’rlarida muhim ahamiyat kasb etgan qirrasidir. Uitmenning “Hovlimda binafshalar ochilganda” poemasi uning boshqa she’rlarida kuylagan yuksak mavzularni birlashtirib, bir-birini to’ldiradigan asosiy obrazlar ifodasini topgan ijod mahsulidir.
Adabiyotlar
1. The Norton Anthology of American Literature. Third edition/ Volume 1. – W.W. Norton &Company. – New York, London, 1989.
2. Loving J. Walt Whitman: The Song of Himself. – California: University Press, 1999.
3. Miller J. Walt Whitman. New York: Twayne Publishers, Inc. 1962.
4. VanSpanckerin K. American Literature. – New York: UN Department of State, 1990.